Mirjamol личная жизнь биография, песни в MP3

Mirjamol

Mirjamol

Mirjamol Toirjonovich Mirzaahmedov 1988 – yil 6 – yanvar kuni Toshkent shahrida tug’ilgan. Xonanda Toirjon va Nazira opa oilasida to’rt farzandning uchinchisi bo’lgan. Mirjamolda san’atga havas bolalikdan uyg’ongan bo’lib, 224 – maktabda tahsil olayotgan vaqtlaridayoq ko’plab bayram tadbirlariga boshlovchilik qilganida, uni bir kun kelib albatta san’at sohasiga qadam qo’yish orzusi qat’iy maqsadga aylangan edi. Shuning uchun ham, 2004 yil maktabni bitirgach, hech ikkilanmay O’zbekiston Davlat Sa’nat institutiga hujjat topshirdi va imtihonlardan muvaffaqiyatli o’tib, mazkur institutning Qo’g’irchoq teatri aktyorligi bo’limiga Grand asosida o’qishga qabul qilindi. O’qish uchun aynan, Qo’g’irchoq teatri aktyorligi fakultetini tanlaganligining sababi, uning bolalarga bo’lgan mehri, hamda kasbi orqali ularga quvonch ulashish istagi edi. Ammo, unda baribir qo’shiq aytishga bo’lgan ishtiyoq ustunlik qildi. Natijada, Sa’nat Oliygohida o’qish bilan birgalikda o’zini honandalikda ham sinab ko’rib, 2005 yil «UMIDIM» deb nomlangan ilk qo’shig’ini tinglovchilar e’tiboriga havola etdi. Shahnoz so’zi va Ali Niyozmetov musiqasi bilan yaratilgan bu qo’shiq, unga omad keltirdi va aynan shu qo’shiq bilan 2005 — yil «TARONA BITIRUVCHI» deb nomlangan katta gala konsertda ishtirok etishga muvaffaq bo’ldi! Ilk qo’shig’ini “Istiqlol” San’at saroyi sahnasida kuylaganligidan ruhlangan Mirjamolning ijodga qiziqishi yanada ortib, shoira va bastakor Shahnoz bilan bir necha qo’shiqlar ustida birga ishladi. Natijada ketma-ket «Mening yuragim», «Sen uyalma» va «Men bo’lay» kabi bir nechta yangi qo’shiqlar kuylab, ularga videoklip ham suratga oldirdi. Tinimsiz mehnat va ijod o’z samarasini berib, qo’shiqlari ommalashdi, kliplari TV kanallarida namoyish qilina boshlandi.

2006 yil «Men bo’lay» qo’shig’i Mirjamol ijodida burilish bo’lib, uning tanilishiga sababchi bo’ldi va aynan, shu qo’shiq orqali gastrol safarlariga takliflar bo’la boshladi. Natijada Mirjamol o’ziga har doim ko’makdosh bo’lgan ustozlari “Bojalar” guruhi bilan birgalikda, yurtimizdagi 12 ta viloyat bo’ylab gastrol safarlarida bo’ldi.

2008 — yil Mirjamol ijodida muhim qadam bo’lb, u shu yil o’zining 12 ta qo’shig’i o’rin olgan, «Men bo’lay» deb nomlangan ilk musiqiy albomini tinglovchilar e’tiboriga havola etdi. Bu musiqiy al’bom “Tarona Rekords” studiyasi tomonidan taqdim etildi.

Mirjamolning honandalik faoliyatida duetlar ham muhim o’rin tutadi. U shu kungacha, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Ziyoda, aktrisa va honanda Sitora Farmonova, hamda honanda Elbek Karimov bilan birga duet kuylagan.

Faqat honandalik faoliyati bilan cheklanib qolishni istamaganligi uchun ham, Mirjamol «Boyvachcha», «Nortoy», «O’xshatmasdan uchratmas» kabi bir nechta filmlarda o’ziga xos rollar ijro qilgach, o’zini prodyuser sifatida ham sinab ko’rish istagida, 2011 — yil «Mening akam bo’ydoq» filmiga prodyuserlikni amalga oshirdi. Bu filmda Mirjamolning o’zi ham asosiy rollardan birini ijro etgan bo’lib, filmni uning do’sti, aktyor va rejissyor Alisher Uzoqov suratga oldi. Film muvaffaqiyatli va kassabop bo’lib, Mirjamolni prodyuser sifatida ham tanilishiga sabab bo’ldi.

Honanda hayotda samimiy inson bo’lib, shahsiy hayoti haqidagi ma’lumotlarni sir saqlamaydi. 2011 — yil 28 — noyabr kuni bo’ydoqlar safini tark etib, oila qurganligini ham muhlislaridan yashirmagan. Honandaning baxt to’yi «Farovon» restoranida bo’lib o’tgan. Hozirda Mirjamol umr yo’ldoshi bilan 2 ta farzandning ota-onasi bo’lishib, baxtli hayot kechirishmoqda.

Ma’lum bir muddat ijodidagi kichik tanaffusdan so’ng, yana san’at olamiga qaytgan Mirjamol, hozirda o’zining yangi musiqiy albomi ustida ishlamoqda! Mazkur musiqiy albomdan joy olishi kutilayotgan yangi “Evropa” qo’shig’iga hazilomuz klip suratga oldirib, tomoshabinlar e’tiboriga havola qilishga ham ulgurdi. Qo’shiq va klip honandaning muxlislari tomonidan yahshi kutib olindi va ommalashdi.

Shuningdek, Mirjamol hozirda yana bir yangi filmga prodyuserlikni amalga oshirish harakatida bo’lib, hozircha bu filmda o’zi ham rol ijro etish-etmasligi no’ malum. Ammo, hoh aktyorlikda bo’lsin, hoh prodyuserlik, yoki honandalikda, Mirjamol yana yangi ijod namunalari bilan xalqimizni, muxlislarini quvontirish istagida!

Добавить комментарий